
Elektron auksion orqali olingan yer maydonlarini besh yillik taqiq muddati tugamasdan subijaraga bergan fermerlar yer uchastkalaridan mahrum bo'lmoqda. Ma'lum bo'lishicha, prokuratura organlari tegishli tartibni buzgan fermerlarga qarshi da'vo arizalari kiritishni boshlagan. Xususan, 25 gektar yerni subijaraga bergan fermer xo'jaligining ijaraga olish shartnomasi sud qarori bilan bekor qilindi.
Oliy sud Iqtisodiy sudlov hay'atining ta'kidlashicha, Yer kodeksining 24-moddasiga ko'ra yerga bo'lgan huquqni boshqa shaxsga o'tkazish qonunda belgilangan cheklovlarga rioya etishni talab qiladi. Qonunchilikdagi taqiqni buzgan holda tuzilgan subijara bitimlari o'z-o'zidan haqiqiy emas deb topiladi va nafaqat subijara, balki davlat bilan tuzilgan asosiy ijara shartnomasi ham bekor qilinadi.
Auksiondan olingan yerni 5 yil davomida subijaraga bermang. Mablag' yetishmovchiligi bo'lsa, subijara o'rniga birgalikda faoliyat yuritish (oddiy shirkat) shartnomasini tuzib, tuman qishloq xo'jaligi bo'limini yozma ravishda xabardor qiling.
Manba: Fermerlar kanali (Telegram)