Kuz-qish mavsumida boʻsh turgan maydonlardan unumli foydalanish hamda bahorda 20–25 kun barvaqt hosil olish uchun toʻqsonbosti ekish eng maʼqul chora hisoblanadi. Oʻzbekiston iqlim sharoitida ushbu tadbir 20-noyabrdan 10-dekabrgacha boʻlgan davrda, havo harorati barqaror soviganidan soʻng amalga oshiriladi.
Toʻqsonbosti uchun mos ekinlar va ekish meʼyorlari
Ushbu usulda sovuqqa chidamli sabzavotlar hamda koʻkatlar ekiladi. 100 kvadrat metr (1 sotix) maydon uchun urugʻ sarfi va chuqurligi quyidagicha:
- Piyoza: 160–200 gramm urugʻ, ekish chuqurligi 2–3 sm;
- Sabzi: 60 gramm urugʻ, ekish chuqurligi 1,5–2 sm;
- Osh lavlagi: 160 gramm urugʻ, ekish chuqurligi 3–4 sm;
- Koʻkatlar (ismoq, shivit, kashnich, petrushka, salat): ekish chuqurligi 1–2 sm.
Erlarni ekishga tayyorlash va ekish texnikasi
Urugʻlar qish boʻyi tuproqda saqlanib, bahorgi yogʻin-sochin hisobiga unib chiqadi. Shu sababli er maydonini toʻgʻri tayyorlash muhim:
- Maydonni begona oʻtlardan va oʻsimlik qoldiqlaridan toʻliq tozalang.
- Tuproqni chuqur yumshatib, yirik kesaklarni maydalang.
- Yerga chirigan organik oʻgʻitlar hamda zaruriy mineral oʻgʻitlarni meʼyorida kiriting.
- Yogʻin suvlari toʻplanib qolmaydigan joyni tanlang va 70 sm kenglikdagi egatlarni oldindan tayyorlang.
- Urugʻlarni egatlarga 2–3 qator qilib yoki sochma usulda eking.
Yoʻl qoʻymaslik kerak boʻlgan asosiy xatolar
Toʻqsonbosti usulida kutilgan hosilni olish uchun quyidagi xatolardan qoching:
- Juda ertaga ekish: urugʻlarning kuzdayoq unib chiqishiga va sovuq urishiga olib keladi.
- Oʻta nam tuproqqa ekish: urugʻlarning chiritib yuborilish xavfini oshiradi.
- Haddan tashqari chuqur ekish: bahorda nihollarning unib chiqishini qiyinlashtiradi.
- Past sifatli urugʻdan foydalanish: koʻchatning siyrak boʻlishiga va hosil kamayishiga sabab boʻladi.
Manba: AGROBLOGER (Telegram)