Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 13-noyabr holatiga mamlakatimizda 5 million 47 ming tonnadan ziyod paxta xirmoni tayyorlandi. Bu belgilangan shartnomaviy rejaning 112,2 foizini tashkil etadi. Dalalarda yig‘im-terim va hosilni qabul qilish ishlari hali ham izchil davom etmoqda.
Vazirlik ijtimoiy tarmoqlarda ba’zi dalalarda paxta terilmay qolgani haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi. Ta’kidlanishicha, umumiy marraga erishilgani har bir maydonda terim to‘liq yakunlanganini anglatmaydi. Ayrim hududlarda g‘o‘zaning kech ekilishi yoki agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida o‘tkazilmagani sababli hosil pishishi kechikkan bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, hosil hisobi Agrotarozi, Hosil qabuli hamda AgroDocs raqamli tizimlari orqali avtomatik ravishda olib borilishi va elektron imzo bilan tasdiqlanishi eslatib o‘tildi. Bu esa ma’lumotlar shaffofligini ta’minlaydi.
Hosilni to‘liq yig‘ib olish uchun agrotexnik muddatlarga rioya qilish, defoliatsiya va erta pishirish tadbirlarini o‘z vaqtida o‘tkazish hamda raqamli tizimlarda hujjatlarni to‘g‘ri rasmiylashtirish muhimdir.
Manba: Daryo.uz