Qishloq xo‘jaligi vazirligi mamlakatda belgilangan paxta marrasiga erishilgan bo‘lsa-da, ko‘plab hududlarda yig‘im-terim ishlari hali yakunlanmaganini ma’lum qildi. Ijtimoiy tarmoqlarda dalalarda paxta qolgani sababli umumiy natijalarga bildirilgan shubhalarga vazirlik rasmiy munosabat bildirdi.
Elektron Agrotarozi platformasining 13-noyabrdagi ma’lumotlariga ko‘ra, mavsum boshidan buyon 5 million 47 ming tonnadan ziyod paxta topshirildi. Bu belgilangan shartnomaviy rejaning 112,2 foizini tashkil etadi. Vazirlik ta’kidlashicha, mamlakat bo‘yicha umumiy marraga erishish har bir dalada terim to‘liq tugaganini anglatmaydi.
Dastlabki taxminiy ko‘rsatkichlar hosilning eng yuqori chegarasi hisoblanmaydi. Shu sababli, belgilangan hajmdan ortiq paxta yetishtirilishi va dalalarda terimning davom etishi tabiiy holatdir.
Hosil topshirish marrasiga erishilgan bo‘lsa ham, dalada qolgan paxtani sovuq va yog‘ingarchilik kunlariga qoldirmay to‘liq terib olish va Agrotarozi tizimida to‘g‘ri hisobga qo‘yish tavsiya etiladi.
Manba: Kun.uz