
Oʻzbekistonda 2026–2028 yillarda 172 ming gektar sanoat usulidagi intensiv mevali bogʻlar barpo etilishi rejalashtirilgan. Yangi farmonga muvofiq, eskirgan bogʻlarni yangilash va zamonaviy bogʻlar tashkil etish uchun imtiyozli kreditlar hamda qoʻshimcha qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari joriy etiladi. Oʻzbekistonda bogʻdorchilik sohasini modernizatsiya qilish, hosildorlikni oshirish va eksportbop mahsulotlar yetishtirish maqsadida sanoat usulidagi intensiv mevali bogʻlarni kengaytirish boʻyicha muhim islohotlar amalga oshirilmoqda.
Prezidentning “Sanoat usulidagi intensiv mevali bogʻlar barpo etish va eskirgan bogʻlarni yangilashni qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq, 2026–2028 yillarda respublika boʻylab 172 ming gektar sanoatlashtirilgan bogʻlar tashkil etilishi belgilandi.
Intensiv bogʻlar zamonaviy sugʻorish tizimlari, yuqori hosildor navlar, innovatsion agrotexnologiyalar va samarali boshqaruv asosida tashkil etiladi. Bu esa hosildorlikni bir necha barobar oshirish hamda meva yetishtirish tannarxini kamaytirishga xizmat qiladi.
2026 yil 1 iyuldan boshlab eskirgan bogʻlarni yaroqsiz deb topish, ularni yangilash yoki boshqa yer toifasiga oʻtkazish boʻyicha xulosa berish vakolati Agrosanoatni rivojlantirish agentligiga ham beriladi.
Agentlik xulosasi berilgandan keyin 12 oy davomida yangi bogʻ yoki tokzor tashkil etilmasa, mazkur yerlar uchun yer soligʻi va suvdan foydalanish soligʻi stavkalari 3 baravarga oshiriladi.
Agar 24 oy davomida yangi bogʻ yoki tokzor barpo etilmasa, ushbu maydonlarga suv olish cheklanadi. Bu yer resurslaridan samarali foydalanishni taʼminlashga qaratilgan.
Farmon doirasida bogʻ yaratish va yangilash ishlari uchun moliyaviy koʻmak ham nazarda tutilgan. Tijorat banklari orqali 7 yil muddatga, 3 yillik imtiyozli davr bilan har bir gektar uchun 120 million soʻmgacha kredit ajratiladi.
Bundan tashqari, xalqaro moliya institutlari mablagʻlari hisobidan meva-sabzavotchilik loyihalarini moliyalashtirish imkoniyatlari kengaytiriladi.
Xorijdan sertifikatlangan, “in-vitro” usulida yetishtirilgan mevali koʻchatlarni olib kirish uchun ham tadbirkorlarga qulay kredit mexanizmlari joriy etiladi. Har bir koʻchat uchun 5 AQSH dollarigacha ekvivalentda kredit olish imkoniyati yaratiladi.
Mutaxassislar fikricha, ushbu chora-tadbirlar bogʻdorchilik tarmogʻida yuqori samaradorlikka erishish, eksport salohiyatini oshirish va fermerlar daromadini ko‘paytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Sanoat usulidagi intensiv bogʻlar tashkil etilishi mamlakatda zamonaviy bogʻdorchilikni rivojlantirish, yer resurslaridan samarali foydalanish va aholini sifatli meva mahsulotlari bilan taʼminlash yoʻlidagi muhim qadam hisoblanadi. Manba: agroxabarlari.uz/4877/