
Andijon viloyatining Ulug'nor tumanida joylashgan «Baxt Imkon Rivoji» fermer xo'jaligi hududida ko'p yillik daraxtlarning noqonuniy yo'q qilinishi holati aniqlandi. Fermer xo'jaligi ishchisi tomonidan 19 tup tut daraxti ildizi bilan qo'porib tashlangan. Ushbu harakatlar bo'yicha tayyorlangan materiallar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgach, viloyat Ekologiya va iqlim o'zgarishi boshqarmasi ekopolitsiya xodimlari joyida surishtiruv ishlarini olib borishdi.
Tekshiruvlar natijasida tabiatga yetkazilgan umumiy zarar miqdori 1,5 milliard so'mdan ortiqni tashkil etgani hisoblab chiqildi. Amaldagi qonunchilikka ko'ra, dov-daraxtlarni ruxsatsiz kesish va yo'q qilish og'ir moliyaviy va huquqiy javobgarlikka sabab bo'ladi.
Hozirgi kunda toplangan barcha hujjatlar holatga huquqiy baho berish hamda aybdor shaxslarga nisbatan tegishli choralar ko'rish uchun prokuratura organlariga topshirildi.
Fermer xo'jaligi hududidagi tut va boshqa daraxtlarni o'zboshimchalik bilan kesish qat'iyan man etiladi. Har qanday daraxtni kesishdan oldin mahalliy ekologiya organlaridan rasmiy ruxsatnoma olish zarur, aks holda bu juda katta miqdordagi jarima va jinoiy javobgarlikka olib keladi.
Manba: Kun.uz