Energetika vazirligi issiqxonalarni gaz kamayishi haqida ogohlantirdi

Energetika vazirligi issiqxonalarni gaz kamayishi haqida ogohlantirdi

23, Nov 2026

Oʻzbekistonda tabiiy gaz qazib chiqarish hajmi yildan-yilga kamayib borayotgani sababli issiqxona xoʻjaliklarini gaz bilan uzluksiz taʼminlash imkoniyati cheklanmoqda. Bu haqda Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi direktori Umid Mamadaminov issiqxona egalari bilan oʻtkazilgan muloqotda maʼlum qildi.

Rasmiyning taʼkidlashicha, gaz zaxiralarining kamayishi tufayli barcha tadbirkorlik va ijtimoiy soha obyektlari bosqichma-bosqich muqobil energiya manbalariga hamda elektrifikatsiyaga oʻtkazilmoqda. Energetika vazirligi vakillari issiqxona egalariga quyidagi muqobil variantlarni koʻrib chiqishni tavsiya etdi:

  • Suyultirilgan gaz (propan-butan) zaxiralarini yaratish;
  • Pelletlar va sintetik gaz texnologiyalaridan foydalanish;
  • Geotermal va quyosh energiyasi tizimlarini joriy etish.

Tadbirkorlar esa muqobil energiyaga yoki yangi ekologik talablarga mos havoni tozalash uskunalariga oʻtish katta mablagʻ va vaqt talab qilishini bildirishdi. Hukumat qarorlariga koʻra, qattiq yoqilgʻidan foydalanuvchi issiqxonalar maxsus filtr va monitoring tizimlarini oʻrnatishi yoki toza energiya manbalariga oʻtishi lozim.

Dehqon uchun

Issiqxona egalari faqat uzluksiz gaz taʼminotiga tayanib qolmasdan, hosilni sovuq urishidan saqlash uchun zudlik bilan qoʻshimcha suyultirilgan gaz zaxiralarini yaratishi yoki muqobil isitish tizimlarini rejalashtirishi zarur.

Manba: Gazeta.uz (o‘zbekcha)