
O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Nav sinash markazi vakillari Turkiyada o‘tkazilgan GROWTECH EXPO xalqaro ko‘rgazmasida ishtirok etishdi. Tadbir doirasida Turkiyaning yetakchi urug‘chilik tashkilotlari va kompaniyalari bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazildi.
Muloqotlar natijasida 2027-yildan boshlab O‘zbekistonda yaratilgan mahalliy ekin navlari hamda duragaylarini Turkiyada sinovdan o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erchildi. Shuningdek, Turkiyadan keltiriladigan g‘alla, yem-xashak, moyli va dukkakli ekinlarning yangi navlarini mamlakatimiz iqlim sharoitida sinash va eng istiqbollilarini ishlab chiqarishga joriy etish rejalashtirilmoqda.
Hozirgi kunda Turkiyaning Pro Gen Seed kompaniyasiga tegishli bo‘lgan ikkita bug‘doy va bitta arpa navi respublikamizning nav sinash stansiyalarida muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazilmoqda.
Xalqaro nav sinovlari va tajriba almashinuvi tufayli tez orada mahalliy fermerlar qurg‘oqchilikka va kasalliklarga chidamli, yuqori hosil beruvchi yangi serhosil urug‘ navlarini xarid qilish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.
Manba: Kun.uz