2026-yil 25–27-noyabr kunlari Toshkent shahri qishloq xo‘jaligi sohasi vakillari uchun muhim tadbirga mezbonlik qiladi. Poytaxtda 10-marotaba tashkil etilayotgan AgroExpo Uzbekistan 2026 xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi. Bu yilgi yubiley tadbiri doirasida soha mutaxassislari uchun kengaytirilgan biznes dasturi va turli yangiliklar taqdim etilishi ko‘zda tutilgan.
Ko‘rgazmaning birinchi kuni Xalqaro parrandachilik forumiga bag‘ishlanadi. Shuningdek, tadbirda Germaniya, Avstriya va Italiya kabi davlatlarning milliy pavilyonlari joy oladi. Dehqon va fermerlar uchun davlat idoralari vakillari bilan muloqot qilish imkonini beruvchi III Milliy fermerlar forumi hamda raqamli texnologiyalar, uchuvchisiz uchish apparatlari va sun'iy intellektni agrosohada qo‘llashga bag‘ishlangan maxsus taqdimotlar o‘tkaziladi.
Chorvachilik yo‘nalishida naslli mollarning kengaytirilgan auksioni hamda mahsulot sifatini nazorat qilish bo‘yicha anjumanlar rejalashtirilgan. Tashrif buyuruvchilar ochiq maydonda zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalarining amaliy namoyishini kuzatishlari va sohadagi eng yaxshi innovatsiyalarni taqdirlash marosimida ishtirok etishlari mumkin.
Ko‘rgazmaga tashrif buyurib, ilg‘or xorijiy texnologiyalar, yangi dronlar va naslli chorva zotlari bilan tanishish hamda yetkazib beruvchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzish imkoniyatiga ega bo‘lasiz.
Manba: Fermerlar kanali (Telegram)